Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ogohlantiradi!

08.02.2024 1082

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ogohlantiradi!

 

Xabaringiz bor, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chortoq tuman tez yordam bo‘limi feldsheri tomonidan yashirin sex sharoitida tayyorlangan “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin B6” nomli qalbaki dori vositalari Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilganligi aniqlandi.

Ushbu xabar yuzasidan, SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi O‘zbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, quyidagilari ma’lum qiladi.

Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonun va qonunosti hujjatlariga,  shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish farmatsevtika sohasida litsenziya talablari va shartlari etib belgilangan.

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati” to’g’risidagi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

❗️Shu o‘rinda, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizom”ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib kelishini eslatib o‘tamiz.

Yuqoridagilarga asosan, mazkur litsenziya talablari va shartlarini buzgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar) barcha tashkilotlarni faoliyat uchun berilgan litsenziyasi bekor qilinib, qat’i choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiramiz!